O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan mintaqaviy ekologik sammitda nutq so‘zlab, biologik xilma-xillikni asrash va yo‘qolib borayotgan turlarni muhofaza qilish maqsadida “Markaziy Osiyo Qizil kitobi”ni birgalikda ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.
Davlat rahbari mazkur tashabbus nafaqat mintaqa hududida kamyob va yo‘qolish xavfi ostidagi turlar ro‘yxatini shakllantirishga, balki Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida biologik xilma-xillikni saqlash borasidagi amaliy hamkorlikni kuchaytiruvchi samarali mintaqaviy platformani yaratishga xizmat qilishi lozimligini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, ushbu tashabbusni amalga oshirish jarayonida International Union for Conservation of Nature (IUCN) ning Toshkent shahridagi mintaqaviy ofisi muvofiqlashtiruvchi markaz sifatida faol ishtirok etishi mumkinligi qayd etildi.
Mazkur tashabbusni hayotga tatbiq etish yuzasidan amaliy ishlar allaqachon boshlab yuborildi. Jumladan, IUCN ning Toshkent shahridagi mintaqaviy ofisi rahbariyati hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti rahbariyati o‘rtasida dastlabki muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuv davomida “Markaziy Osiyo Qizil kitobi”ni yaratish istiqbollari, uning konsepsiyasi, tuzilmasi hamda amalga oshirish mexanizmlariga doir muhim taklif va tashabbuslar muhokama qilindi.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, mintaqaviy “Markaziy Osiyo Qizil kitobi”ni yaratish tashabbusi Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida biologik xilma-xillikni muhofaza qilish sohasida hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi. Mazkur loyiha noyob va yo‘qolib borayotgan turlarni saqlab qolish, ularning tizimli monitoringini yo‘lga qo‘yish hamda transchegaraviy ekotizimlarni samarali muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, ushbu tashabbusning amalga oshirilishi mintaqada ekologik barqarorlikni ta’minlash, ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda global miqyosda biologik xilma-xillikni asrash jarayonlariga munosib hissa qo‘shishga xizmat qiladi.

