Oʻzbekiston florasi laboratoriyasi ilmiy xodimlari F.I. Akbarov, S.O. Poʻlatrov va O.E. Sotiboldiyev tomonidan «Raqamli tabiat: Markaziy Oʻzbekiston oʻsimliklar dunyosining raqamli platformasini ishlab chiqish» davlat dasturi hamda FL-9524115063-sonli fundamental loyiha doirasida rejalashtirilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish maqsadida 2026-yil 1–11-may kunlari Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida dala tadqiqotlari amalga oshirildi.
Xizmat safari uchun quyidagi vazifalar belgilandi:
- Torqopchigʻay va Shimoliy Turkiston botanik-geografik rayonlari hududida maʼlumotlar ko‘lami kam yoki umuman mavjud bo‘lmagan indekslar bo‘yicha floristik maʼlumotlar to‘plash.
- Torqopchigʻay botanik-geografik rayoni florasiga mansub o‘simlik turlari bo‘yicha gerbariy namunalarini yig‘ish, ularni foto tasvirga olish hamda o‘sish nuqtalarining GPS koordinatalarini aniqlash va qayd etish.
- Ferula turkumiga mansub turlarning gerbariy namunalarini yig‘ish, foto tasvirga olish, o‘sish nuqtalarining GPS koordinatalarini aniqlash va qayd etish hamda o‘sish muhitining ekologik sharoitlarini o‘rganish.
Tadqiqot hududlarining umumiy manzarasi: Muzbuloq MFY, Baxmal tumani, Jizzax viloyati (oʻngda) hamda Gʻuzor tumani, Qashqadaryo viloyati (chapda)
Olib borilgan dala tadqiqotlari natijasida:
2026-yil 1–11-may kunlari Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida olib borilgan dala tadqiqotlari Torqopchigʻay va Shimoliy Turkiston botanik-geografik rayonlarining maʼlumotlar ko‘lami kam yoki umuman mavjud bo‘lmagan 5×5 km oʻlchamdagi 23 ta indekslari (X180, AD179, AE180, Y179, V184, AE178, W183, Z186, AC182, X190, AA181, AC181, Z184, Y190, Y181, W188, AB180, AB183, Y180, AB182, AD180, AA183 va AD181) kesimida olib borildi. Mazkur indekslar boʻyicha oʻsimlik turlarining tarkibi oʻrganilib, ularning xilma-xilligi, tarqalishi va ekologik holati tahlil qilindi. Dala tadqiqotlari davomida bahorgi flora vakillaridan gerbariy namunalari yigʻilib, standart gerbariylashtirish talablari asosida tayyorlandi hamda floristik qaydnomalar rasmiylashtirildi. Oʻsimlik turlarining tabiiy yashash muhitidagi holati foto tasvirga olinib, o‘sish nuqtalarining GPS koordinatalari qayd etildi.

Torqopchigʻay botanik-geografik rayonining AB183, AB182 va AD180 indekslarida olib borilgan dala tadqiqotlari jarayoni

Dala sharoitida gerbariy namunalarini tayyorlash jarayoni

Tadqiqot hududida o‘simliklarni foto tasvirga olish jarayoni
Shuningdek, Ferula L. turkumiga mansub ayrim turlarning tarqalishi, o‘sish muhiti va ekologik sharoitlari oʻrganildi. Tadqiqot natijasida ushbu turkum vakillarining ekologik xususiyatlari hamda tarqalish areallari bo‘yicha yangi dala maʼlumotlari to‘plandi.

Ferula kuhistanica ning tabiiy o‘sish muhiti (Jizzax viloyati, Baxmal tumani)

