2026 yil 12–22 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti ilmiy xodimlari O.S. Abduraimov va B.J. Mavlanovlar tomonidan “Respublikaning dorivor o‘simliklari resurs salohiyatini bioiqlim va geofazoviy tahlili, moslashish va tarqalish qonuniyatlari (Ferula L. turkumi misolida)” mavzusidagi AL-9524115063-sonli loyiha doirasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida Jizzax, Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida tarqalgan Ferula turkumi turlarining tabiiy zaxirasini o‘rganish va monitoring ishlari amalga oshirildi. Tadqiqotlar davomida tabiiy populyatsiyalarning hozirgi holati, tarqalish hududlari, resurs salohiyati hamda ekologik xususiyatlari baholandi.
Jumladan, Ferula foetida va F. varia turlarining tabiiy zaxiralari aniqlanib, ularning uchrash zichligi, hosildorlik ko‘rsatkichlari, yosh tarkibi va yig‘ib olish mumkin bo‘lgan hajmlari bo‘yicha dala ma’lumotlari to‘plandi. Shuningdek, tadqiqot maydonlarining GPS koordinatalari qayd etilib, keyingi geobotanik va resurs tahlillari uchun zarur ma’lumotlar shakllantirildi.

Bundan tashqari, Navoiy viloyati Qizilcha massivida tashkil etilgan plantatsiya maydonida monitoring va kuzatuv ishlari olib borildi. Plantatsiya hududida Ferula sumbul, Ferula varia, Ferula tenuisecta, Ferula foetidissima, Ferula foetida, Ferula tadshikorum hamda Ferula tuberifera turlari ekilgan bo‘lib, ushbu turlarning dastlabki yil uchun biomorfologik va fenologik ko‘rsatkichlari o‘rganildi. Tadqiqot davomida o‘simliklarning ontogenetik (yosh) bosqichlari tahlil qilinib, unib chiqish, vegetativ rivojlanish va moslanish jarayonlari kuzatildi.

Shuningdek, ekilgan turlarning urug‘ unuvchanligi ko‘rsatkichlari aniqlanib, laboratoriya va dala sharoitida olingan natijalar o‘zaro solishtirildi. Har bir turning unib chiqish foizi, ko‘chatlarning saqlanib qolish darajasi hamda rivojlanish sur’atlari bo‘yicha dastlabki ilmiy ma’lumotlar yig‘ildi.

Olingan natijalar kelgusida Ferula turkumi vakillarining introduksiyasi, plantatsiya sharoitida yetishtirish texnologiyalarini takomillashtirish va tabiiy resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xizmat safari davomida belgilangan hududlarda Ferula turkumi turlarining tabiiy va introduksiya sharoitidagi holati o‘rganilib, ularning resurs salohiyati, yosh bosqichlari, rivojlanish xususiyatlari hamda urug‘ unuvchanligi bo‘yicha zarur ilmiy ma’lumotlar to‘plandi.

