O‘simliklar tabiiy resurslari kadastri va populyatsion biologiyasi laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi A.L. Allamurotov Botanika institutining №17/2026 sonli xo‘jalik shartnomalarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida 2026-yil 12–14-may kunlari Surxondaryo viloyatida dala tadqiqotlari olib bordi.
Dala safari davomida Surxondaryo viloyati Sherobod tumani Chorbog‘ MFY hududidagi “Vodozabor”, “Qizillitepa” va “Kosalisoy” massivlarida tarqalgan Ferula foetida (Bunge) Regel (sassiq kovrak) turining 10,0 gektar maydondagi tabiiy xomashyo resurslari bo‘yicha dala tadqiqotlari olib borildi. Tadqiqotlar jarayonida xomashyo zahiralari, yig‘ib olish mumkin bo‘lgan hajmlar hamda maydonlarning GPS koordinatalari aniqlandi. Tadqiqot jarayonida hududlardagi sassiq kovrak individlarining sanoq maydonlarida egallagan ulushi (%) hisoblanib, turning umumiy maydondagi tarqalish ko‘rsatkichlari qayd etildi. Shuningdek, har bir sanoq maydonidagi individlar soni, ularning yosh tarkibi hamda hosildorlik ko‘rsatkichlari umumqabul qilingan tadqiqot metodikalari asosida aniqlanib, olingan ma’lumotlar dala kundaligiga qayd etildi.

Resurs baholash ishlari olib borilgan sanoq maydoni

Shira olish uchun belgilangan sassiq kovrak individi

Shira olish jarayonining tayyorlov bosqichi
Shuningdek, bo‘sh vaqtlarda qo‘shimcha ravishda Inula grandis turining gullash biologiyasi, senopopulyatsiyalarining hozirgi holati hamda morfologik ko‘rsatkichlari bo‘yicha tadqiqot ishlari olib borildi. Tadqiqotlar jarayonida o‘simlikning gullash davri, fenologik xususiyatlari, populyatsiyalarning tarkibiy tuzilishi, individlarning yosh guruhlari hamda asosiy morfometrik ko‘rsatkichlari yuzasidan ma’lumotlar yig‘ildi va tahlil uchun qayd etildi.




