Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasida Butunjahon atrof-muhit kuniga bag‘ishlab “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov topshirdi. Ko‘krak nishonlari bilan Qo‘mitaning mas’ul xodimlari, tizim tashkilotlari va hududiy bo‘linmalar vakillari, hamkor tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda ekoaktivistlar qatorida Fanlar akademiyasi olimlari ham taqdirlandi. Jumladan, O’zR FA Botanika instituti ilmiy kotibi, PhD Qodirov Ulug’bek Hamroqulovich va O’simliklar muhofazasi va ekologiyasi laboratoriyasi mudiri, PhD Habibullayev Behruz Sherboyevich taqdirlandilar.

1

2

A.Abduhakimov Butunjahon atrof-muhit kuni nafaqat bayram, balki har bir insonning kelajak avlodlar oldidagi katta mas’uliyati ekanini qayd etdi.

“Tabiatni himoya qilish faqat davlat organlari yoki alohida mutaxassislarning vazifasi emas. Bu har bir fuqaro uchun hayot tarziga aylanishi kerak bo‘lgan umuminsoniy qadriyatdir. Bugun atrof-muhitni qanchalik asrasak, kelajak avlodlarga shunchalik sog‘lom va farovon hayot qoldiramiz. Shu bois barchani ekologik tashabbuslarda faol ishtirok etishga, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga hamda mamlakatimizning “yashil” rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga munosib hissa qo‘shishga chaqiramiz”, — dedi Qo‘mita raisi.

Tadbir davomida “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan Ekologiya qo‘mitasi, uning tizim tashkilotlari va hududiy bo‘linmalarining 62 nafar faol xodimi, shuningdek, hamkor tuzilmalar, ilmiy hamjamiyat, madaniyat, yoshlar va jamoat tashkilotlari vakillari taqdirlandi. Mukofotlanganlar orasida vazirlik va idoralar, Zamin xalqaro jamoat fondi, Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI), O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti, O‘zbekiston Yoshlar teatri, “Yosh ekologlar” harakati kengashi vakillari, shuningdek, ekofaollar va OAV vakillari bor.

Umuman olganda, joriy yilda respublika bo‘ylab atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik madaniyatni rivojlantirish va barqaror rivojlanish tamoyillarini ilgari surishga katta hissa qo‘shgan 169 nafar fuqaro “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.