O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti ilmiy xodimlari B. J. Mavlanov tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi o‘simlik dunyosi obyektlarining iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan turlari davlat hisobi va kadastrini yuritish” mavzusidagi 4/2026-sonli xo‘jalik shartnomasi doirasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida 2026-yil 28-iyundan 15-iyulgacha Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida xizmat safari tashkil etildi.
Xizmat safari davomida Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining turli tabiiy-ekologik hududlarida uchraydigan dorivor o‘simlik turlari – Peganum harmala, Tribulus terrestris, Ferula foetida, Silybum marianum, Capparis spinosa, Glycyrrhiza glabra, Phragmites australis, Codonopsis bactriana, Hypericum perforatum, Hypericum scabrum, Mediasia macrophylla, Ziziphora pedicellata hamda Inula grandis ning tabiiy populyatsiyalari tadqiq qilindi. Dala kuzatuvlari jarayonida ushbu turlarning tarqalish areallari, populyatsiyalarining holati, son ko‘rsatkichlari, zichligi hamda ekologik xususiyatlari o‘rganildi. Shuningdek, o‘simliklarning biologik va ekspluatatsion zaxiralari aniqlanib, ulardan oqilona foydalanish imkoniyatlarini baholash maqsadida resurs tadqiqotlari olib borildi.
Tadqiqotlar jarayonida dorivor o‘simliklarning tabiiy zaxira maydonlari kompleks ravishda o‘rganilib, ularning tarqalish chegaralari aniqlashtirildi hamda har bir populyatsiyaning geografik koordinatalari GPS qurilmalari yordamida yuqori aniqlikda qayd etildi. Dala kuzatuvlari davomida o‘simliklarning tarqalish maydoni, populyatsiya zichligi, ekologik sharoitlari va fitotsenotik xususiyatlari baholandi. Aniqlangan zaxira maydonlari kartografik materiallarga tushirilib, keyinchalik geografik axborot tizimlari (GIS) yordamida tahlil qilish uchun raqamli formatga keltirildi.
Har bir tadqiqot obyekti bo‘yicha biologik va ekspluatatsion zaxiralar amaldagi uslubiy ko‘rsatmalarga muvofiq hisoblab chiqildi. Bunda maxsus tashkil etilgan hisob maydonchalari asosida o‘simliklarning soni, biomassasi, xomashyo hosildorligi va mahsuldorlik ko‘rsatkichlari aniqlanib, ularning umumiy zaxiralari baholandi.
Olingan ilmiy natijalar dorivor o‘simliklar resurslarini baholash va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, ularning tabiiy populyatsiyalarini muntazam monitoring qilish, resurs holatidagi o‘zgarishlarni kuzatish hamda biologik xilma-xillik va genetik resurslarni muhofaza qilishga qaratilgan keyingi fundamental va amaliy tadqiqotlar uchun ishonchli ilmiy asos yaratadi. Shuningdek, ushbu ma’lumotlar dorivor o‘simliklar resurslarining davlat kadastrini takomillashtirish, raqamli ma’lumotlar bazalarini boyitish va ularni uzoq muddatli monitoring tizimiga integratsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.


