2026-yil 21-iyun – 6-iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti “Ekstremofil o‘simliklar va fitoremediatsiya laboratoriyasi” mudiri, PhD, katta ilmiy xodim V.Q. Sharipova hamda laboratoriyaning kichik ilmiy xodimi, PhD D.E. Turdiyev Tojikiston Respublikasida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy ekspeditsiyada ishtirok etdi. Ilmiy safar Ispaniyaning Estación Experimental de Aula Dei (IPE-CSIC, Zaragoza) ilmiy markazi bosh tadqiqotchisi David Moret-Fernandezning rasmiy taklifiga binoan hamda ICOOP25011 – “Enhancing knowledge on plant–soil interactions in saline soils from Western-Central Asia” xalqaro loyihasi doirasida tashkil etildi.
Ekspeditsiyaning asosiy maqsadi G‘arbiy va Markaziy Osiyoning sho‘rlangan hamda gipsli tuproqlarida o‘simlik va tuproq o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni o‘rganish, gipsli ekotizimlarning floristik va ekologik xususiyatlarini baholash hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
Ilmiy tadqiqotlar Tojikiston Respublikasining Sug‘d, Dushanbe va Xatlon viloyatlaridagi gipsli hamda sho‘rlangan ekotizimlarda olib borildi. Xususan, Maxautau va Shumtov qoldiq tog‘lari, Bobotog‘ tizmasi, Xo‘ja-Mo‘min tog‘i hamda Karshitov tizmasida kompleks geobotanik, floristik va ekologik kuzatuvlar amalga oshirildi. Tadqiqotlar davomida o‘simlik jamoalarining tarkibi, ekologik xususiyatlari, tuproq sharoitlari hamda o‘simliklarning sho‘rlanish va gipsli substratlarga moslanish mexanizmlari o‘rganildi. Ekspeditsiya davomida gipsli ekotizimlarga xos kserofit, galofit va gipsofit o‘simliklar alohida e’tibor bilan tadqiq qilindi. Ushbu o‘simliklarning ekologik moslanish xususiyatlari degradatsiyaga uchragan yerlarni fitomelioratsiya qilish, sho‘rlangan va gipsli tuproqlarni biologik rekultivatsiya qilish hamda cho‘l ekotizimlarini tiklash bo‘yicha istiqbolli ilmiy yo‘nalish sifatida baholandi.

Sho‘rlangan va gipsli tuproqlarda tuproq-o‘simlik o‘zaro ta’siri hamda tuproqning gidravlik xossalarini dala sharoitida o‘rganish jarayoni

Tuproq-o‘simlik o‘zaro ta’sirini o‘rganish doirasida infiltratsiya tajribalarini o‘tkazish jarayoni

Transekt bo‘ylab o‘simlik qoplami tarkibi va ekologik xususiyatlarini dala sharoitida o‘rganish
Dala ishlari Ispaniya, Armaniston, Tojikiston va O‘zbekiston olimlari ishtirokidagi xalqaro tadqiqot guruhi bilan hamkorlikda olib borildi. Ekspeditsiya davomida tuproq-o‘simlik munosabatlari, ayrim turlarning gipsli substratlarga ixtisoslashuvi hamda Markaziy Osiyo gipsli ekotizimlarining ekologik xususiyatlari yuzasidan ilmiy fikr almashildi.
Safar yakunida sho‘rlangan va gipsli ekotizimlar bo‘yicha yangi dala ma’lumotlari to‘plandi, o‘simliklarning qurg‘oqchilik, sho‘rlanish va gipsli substratlarga moslanish xususiyatlari qayd etildi hamda Botanika instituti va IPE-CSIC o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Olingan natijalar kelgusida xalqaro ilmiy maqolalar tayyorlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va degradatsiyaga uchragan hududlarni tiklash bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

