2026-yil 28–31-avgust kunlari Turkmanistonda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘simlik dunyosi obyektlarini raqamlashtirishga bag‘ishlangan amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir ikki davlat mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish, o‘simlik dunyosiga oid ilmiy ma’lumotlarni raqamlashtirish, gerbariy kolleksiyalarini zamonaviy raqamli formatga o‘tkazish hamda mavjud ma’lumotlardan ilmiy tadqiqotlarda samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Amaliy uchrashuv doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti olimlari Turkmaniston O‘g‘uzxon muhandislik-texnologiyalar universiteti Umumiy va amaliy biologiya institutiga tashrifi tashkil etildi. Tadbirning dastlabki qismida institut rahbariyati tomonidan ishtirokchilar qutlandi hamda uchrashuvning maqsad va vazifalari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir davomida O‘zbekistonning GBIF (Global Biodiversity Information Facility) tizimidagi ishtiroki tajribasi, Turkmaniston Qizil kitobi hamda gerbariy namunalarini raqamlashtirish va ularni ilmiy ma’lumotlar bazalariga joylashtirish jarayonlari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Xususan, ma’lumotlarni raqamli qayta ishlash, gerbariy namunalarini o‘rganish va ularni ilmiy jamoatchilik uchun ochiq raqamli resurslarga aylantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.



Shuningdek, ishtirokchilar Turkmaniston Milliy gerbariysi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar va Gerbariy kolleksiyalarini raqamlashtirish, ilmiy ma’lumotlarni zamonaviy raqamli resurslarga kiritish va tajriba almashish masalalari muhokama qilindi. So`ngra, Gerbariy namunalarini raqamlashtirish bo‘yicha maxsus amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilib, ishtirokchilar bevosita gerbariy kolleksiyalari bilan ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Amaliy mashg‘ulotlar keyingi kunlarda ham davom ettirilib, gerbariy kolleksiyalari bilan birgalikda ishlash, namunalarni raqamlashtirish va ularni raqamli nashr uchun tayyorlash bo‘yicha ko‘nikmalarni takomillashtirishga qaratilgan.


