Ilm-fan va ilmiy faoliyatni yanada rivojlantirish maqsadida platformadan foydalanuvchilar safini kengaytirish, uning imkoniyatlari va undan foydalanish boʻyicha maʼlumot bilan tanishtirish maqsadida joriy yilning 21 may kuni “Springer Nature Awards-2024” forumi tashkil etildi. Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Shohrux Daliyev ochib berib, Vazirlik tomonidan olimlar va tadqiqotchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar va ilmiy faoliyat koʻrsatkichlariga alohida eʼtibor qaratdi. Shuningdek, tadbirda, Innovatsion rivojlanish agentligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi direktori Azizbek Baxodirov Markazning xalqaro ilmiy nashriyotlar bilan hamkorligi, erishilgan kelishuvlar natijasida respublika olimlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, turli yoʻnalishda amalga oshirilgan ishlar tahlili boʻyicha soʻz yuritdi.

“Springer Nature” hududiy vitse-prezidenti Asdaa Katani kompaniyaning faoliyati, rivojlanish tarixi, istiqbollari va hozirgi kunda kompaniya tomonidan olim va tadqiqotchilarga berilayotgan imkoniyatlar haqida taqdimot qildi. Shuningdek, “Springer Nature” kompaniyasining Markaziy Osiyodagi vakili Irina Aleksandrova 2019-2023 yillar davomida Oʻzbekiston olimlarining noshirlik faoliyati hamda chop etilgan maqolalar soni va foydalanish koʻrsatkichlari boʻyicha tahliliy maʼlumotlarni taqdim etdi.

Tadbirda Respublikamizda 2019-2023 yillar mobaynida eng koʻp maqola chop etgan 10 ta ilmiy muassasa va 5 ta top mualliflarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Gʻoliblar “Springer Nature” tomonidan sertifikat va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi. Jumladan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti katta ilmiy xodimi, b.f.n. Gʻafforov Yusufjon Shermatovich 2019 yildan 2023 yilgacha Springer Nature jurnallarida 13 dan ortiq maqola chop etgan hamda “Oʻzbekiston etnobiologiyasi” kitobi muharriri sifatida Hayot haqidagi fanlar bo‘yicha yuqori nashriy faoliyati uchun “Springer Nature” hududiy vitse-prezidenti janob Asdaa Katani tomonidan Respublikamizda Top -5 talikda 1- o‘rinni olganligi uchun taqdirlandi.

Botanika instituti jamoasi Yu.Sh. Gʻafforovni ushbu yutuqlari munosabati bilan tabriklab, kelgusi ilmiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaydi.

Shuningdek, “Springer Nature” tomonidan turli sohalar bo‘yicha boshqa olimlar ham sertifikat va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Jumladan:

  1. Yusufjon Gafforov, Botanika instituti, Hayot haqidagi fanlar bo‘yicha 2019 yildan 2023 yilgacha Springer Nature jurnallarida 13 ta maqola chop etgan hamda O‘zbekiston etnobiologiyasi – 2023 kitob muharriri;
  2. Anorbayev Abdulxamidjon, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Milliy arxeologiya markazi, Yer haqidagi fanlar bo‘yicha 2019 yildan 2023 yilgacha Springer Nature jurnallarida 10 ta maqola chop etgan;
  3. Rustam Z. Yuldashev, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti bolalar xirurgiyasi kafedrasi, 2019 yildan 2023 yilgacha Springer Nature jurnallarida 4 ta maqola chop etgan;
  4. Nikolay Ignatyev, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, 2019 yildan 2023 yilgacha Springer Nature jurnallarida 3 ta maqola maqola chop etgan;
  5. Dilfuza Egamberdieva, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Springer Nature nashriyotida chop etilgan 7 ta kitobning muallifi hamda ushbu kitoblar tahriri bilan shug‘ullangan. Shuningdek, hayot va atrof-muhit fanlari sohasida 20 dan ortiq maqolalar chop etgan.

 

2

Manba: https://innovation.gov.uz/news/post-1656