O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tasarrufidagi Namangan davlat universiteti o‘rtasida imzolangan o‘zaro hamkorlik memorandumi doirasida respublikamizdagi yirik ilmiy tashabbus – O‘zbekiston Milliy gerbariysi (TASH)ning Namangan filiali tashkil etilmoqda.
Shu munosabat bilan Botanika institutida rasmiy gerbariy topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda institut direktori, akademik K.Tojibayev hamda universitet professori A. Batashov so‘zga chiqib, ushbu tashabbus mintaqaviy fan va ta’lim integratsiyasida yangi bosqich bo‘lishini ta’kidladilar.


Professor A. Batashov o‘z nutqida: “Endilikda talabalar bevosita o‘quv jarayonida real gerbariy namunalari bilan ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bu esa ularning bilimlarini mustahkamlashda beqiyos manba bo‘ladi,” – deya alohida urg‘u berdi.

So‘nggi yillarda ushbu hamkorlik samarasida Namangan davlat universitetida 2 nafar fan doktori va 5 nafar PhD ilmiy darajasiga ega bo‘lgan botanik olimlar jamoasi shakllantirildi. Hozirgi kunda institutning yetakchi olimlari rahbarligida 10 nafardan ortiq yosh tadqiqotchi bilan ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Yangi filialning asosini hozircha TASH fondining almashinuv fondidagi 4000 dan ortiq gerbariy namunalari tashkil etadi. Bu namunalar ayni paytda Namangandagi filialga yuborish uchun tayyor holatda.
Filialning tashkil etilishi fundamental ilmiy izlanishlarning hududiy markazini yaratish, o‘quv jarayonini amaliyot bilan boyitish hamda yangi ilmiy loyihalarga asos bo‘lishi kutilmoqda.



Tadbir yakunida gerbariy namunalari ramziy tarzda topshirildi, esdalik suratlari olindi va tomonlar kelgusi hamkorlik rejalari bo‘yicha fikr almashdilar.

