2025-yil 22-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasining tashabbusi bilan Fanlar akademiyasi Zoologiya institutida “Xalqaro bioxilma-xillikni saqlash kuni”ga bag‘ishlangan ilmiy-ommaviy davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Ushbu sana butun dunyoda tabiiy ekotizimlar, o‘simliklar va hayvonot dunyosining xilma-xilligini saqlab qolish muhimligini eslatib o‘tadigan kun sanaladi. 1973-yilda BMT qoshida Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi Konvensiya (CBD) qabul qilingandan beri bu sana xalqaro miqyosda nishonlab kelinmoqda.
Tadbirda Oliy Majlis deputatlari, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda iqlim o‘zgarishi vazirligi, Fanlar akademiyasining Zoologiya va Botanika institutlari olimlari ishtirok etdi.
Botanika institutining yetakchi olimi, biologiya fanlari doktori Orzimat Turdimatovich Turginov o‘zining ma’ruzasi bilan qatnashdi. Ma’ruzada O‘zbekiston florasini o‘rganish bo‘yicha olib borilayotgan zamonaviy ilmiy izlanishlar, qo‘llanilayotgan zamonaviy usullar, raqamli monitoring texnologiyalari va ularning natijalari haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Tadbirda, shuningdek, bioxilma-xillikning ijtimoiy va ekologik ahamiyati, insoniyatning tabiiy resurslarga bo‘lgan munosabati, biologik xavfsizlik kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Yakunda ishtirokchilar aholining ekologik madaniyatini oshirish, tabiatga e’tiborli munosabatni shakllantirish va bunday uchrashuvlarni tizimli ravishda o‘tkazib borish zarurligini ta’kidladilar.

1

3