2025-yil 15-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti huzuridagi Texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazi hamda Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi hamkorligida “Ilmiy ishlanmalarni himoya qilish va tijoratlashtirishning huquqiy asoslari” mavzusida seminar-davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-son qarori va unga asosan qabul qilingan 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan intellektual mulk strategiyasi ijrosi doirasida tashkil etildi.
Seminarga institut direktori, akademik Komiljon Sharobitdinovich Tojibayev kirish so‘zi bilan start berdi. U intellektual mulkni himoya qilishning ilmiy muassasalar uchun dolzarbligi, patentlash va tijoratlashtirish jarayonlarida xodimlarning malakasini oshirish muhimligini ta’kidladi.
Ixtiro va foydali modellar bo‘limi boshlig‘i Abdukadirov Ikram Toxirovichning “Patentlashning zamonaviy talablari va xatoliklardan saqlanish usullari” mavzusida; Bosh maslahatchi Rasulov Shavkatjon Komiljon o‘g‘lining “Sanoat namunalari, seleksiya yutuqlari va geografik ko‘rsatkichlarning huquqiy himoyasi”; Bo‘lim boshlig‘i – Qaramanov Sardor Shuxrat o‘g‘lining “Intellektual mulk obyektlarini bozor muomalasiga kiritish va tijoratlashtirish mexanizmlari” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.



Ishtirokchilar ilmiy ishlanmalarni patentlash tartibi, sanoat namunalarini himoya qilish va ularni tijoratlashtirishning amaliy jihatlari yuzasidan savollar berishdi. Seminar yakunida ilmiy xodimlar uchun uslubiy qo‘llanmalar va maslahat materiallari taqdim qilindi.


Mazkur davra suhbati Botanika institutining olim va mutaxassislari uchun intellektual mulk sohasida yangi bilimlar va tajribalarni egallash, ilmiy ishlanmalarni huquqiy himoya qilish va joriylashtirishga tatbiq etishda muhim qadam bo‘ldi.

