O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori, biologiya fanlari doktori, akademik K. Sh. Tojibayev va professor F.I. Karimovlar Rossiyaning Tomsk shahrida bo‘lib o‘tgan VIII xalqaro ilmiy konferensiyada ishtirok etishdi. Ushbu nufuzli anjuman Tomsk davlat universiteti, P.N. Krylov nomidagi Gerbariy, Sibir botanika bog‘i va Rossiya Botanika jamiyati Tomsk bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, u mashhur rus botanigi P.N. Krylov tavalludining 175 yilligi, uning nomidagi gerbariy tashkil topganining 140 yilligi hamda Sibir botanika bog‘i tashkil etilganining 145 yilligiga bag‘ishlandi.
Konferensiyaning bosh g‘oyasi — Sibir va butun Yevrosiyo hududlarida o‘simlik qoplamini tadqiq etishdagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, ilg‘or ilmiy yondashuvlarni almashish hamda mintaqaviy ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Tadbirda Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Xitoy, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon kabi mamlakatlardan 200 dan ortiq olimlar ishtirok etdi.

Akademik K.Sh. Tojibayev konferensiyada “The Current State of Floristic Studies in Central Asia: Key Shortfalls in Deep Understanding” (Markaziy Osiyoda floristik tadqiqotlarning hozirgi holati: chuqur tushunishdagi asosiy kamchiliklar) mavzusida taqdimot qildi. Unda quyidagi masalalarga alohida urg‘u berildi: “O‘zbekiston florasi” loyihasining hozirgi bosqichi va natijalari; O‘zbekiston va Markaziy Osiyo florasidagi dolzarb taksonomik, filogenetik, biogeografik muammolar; Xalqaro molekulyar tadqiqotlar bilan integratsiya zarurati; Ilmiy infratuzilmani (laboratoriyalar, jihozlar, gerbariylar) zamonaviylashtirish yo‘nalishlari, Botanika institutining xalqaro hamkorlik strategiyalari va ilmiy diplomatiya. Ma’ruzada ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Rossiya olimlari o‘rtasida “O‘zbekiston florasi” loyihasi doirasida bir qator istiqbolli yo‘nalishlarda qo‘shma tadqiqotlarni boshlash rejalashtirilgan.

Tadbir davomida Botanika instituti vakillari Rossiyaning yetakchi botaniklari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Xususan, Tomsk davlat universiteti Biologiya instituti, P.N. Krylov nomidagi gerbariy, Sibir botanika bog‘i va boshqa tashkilotlar bilan: kelgusi ilmiy ekspeditsiyalarni birgalikda tashkil etish, molekulyar markerlar asosida fitotahlillar o‘tkazish, endemik va noyob turlarni raqamlashtirish, yuqori impact factorli jurnallarda qo‘shma maqolalar tayyorlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.


Konferensiya yakunida “Sibir va Uzoq Sharq botanika bog‘lari kengashi” sessiyasi bo‘lib o‘tdi, unda hududlararo bog‘lararo hamkorlik, ekzotik va endemik o‘simliklar kolleksiyalarini almashish va ularni saqlash bo‘yicha istiqbolli rejalar muhokama qilindi.
Bu uchrashuvlar natijasida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti va Rossiya tomoni o‘rtasida yangi ilmiy hamkorlik asoslari shakllandi, bu esa institutning xalqaro miqyosdagi ilmiy nufuzini oshirishda yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Botanika instituti jamoasi xalqaro ilmiy maydonlarda faol ishtirok etishda davom etadi, milliy floramizni global kontekstda o‘rganish va targ‘ib qilishda yetakchi institut maqomini mustahkamlamoqda.

