2026-yil 7-8-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti ilmiy xodimlari tomonidan Jizzax viloyati Forish tumanida ASMM qurilishi rejalashtirilgan hududda quruqlik va suv ekotizimlari o‘simlik qoplamini o‘rganish bo‘yicha dala tadqiqot ishlari amalga oshirildi.
Mazkur tadqiqotlar “ASMM joylashgan hududdagi quruqlik va suv ekotizimlarining o‘simlik qoplamini o‘rganish bo‘yicha monitoring ishlari” mavzusidagi №18/2026-sonli xo‘jalik shartnomasi doirasida tashkil etildi. Shartnoma O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti hamda “O‘ZGASHKLITI” MChJ o‘rtasida tuzilgan bo‘lib, unda Jizzax viloyati Forish tumanida ASMM joylashtirilishi mo‘ljallangan hududda quruqlik va suv ekotizimlari o‘simlik dunyosini o‘rganish bo‘yicha kompleks monitoring ishlarini amalga oshirish belgilangan.
Dala tadqiqotlarida Botanika instituti ilmiy xodimlari B.A. Adilov, N.Y. Beshko va F.I. Polvonov ishtirok etdi. Xizmat safari davomida mutaxassislar tomonidan tadqiqot hududidagi 12 ta asosiy, ya’ni reprezentativ ekotizim maydoni hamda 1 ta fon – nazorat maydonida o‘simlik qoplamining hozirgi holatini tavsiflash ishlari olib borildi. Ushbu kuzatuvlar 15 kilometrli zona doirasida joylashgan asosiy ekotizimlarni qamrab oldi.
Tadqiqot jarayonida hududning tabiiy landshaftlari, o‘simlik jamoalari, qirg‘oqbo‘yi o‘simliklari hamda suv ekotizimlariga xos makrofitlarning holati o‘rganildi. Xususan, suv havzalari va ularga tutash hududlarda uchraydigan o‘simlik turlarining tarqalishi, ularning ekologik holati hamda o‘simlik qoplami tarkibidagi o‘zgarishlarni qayd etishga alohida e’tibor qaratildi.
Dala ishlari davomida har bir kuzatuv nuqtasida geobotanik qaydnomalar to‘ldirildi, asosiy landshaftlar va o‘simlik jamoalari foto qayd qilindi. Shuningdek, qirg‘oqbo‘yi o‘simliklari va suv ekotizimlari bo‘yicha vizual kuzatuvlar o‘tkazildi, kuzatuv nuqtalarining GPS koordinatalari aniqlanib, dala kundaligiga kiritildi.
Xizmat safari yakunida jami 26 ta geobotanik tavsif tuzildi. Tadqiqot jarayonida 650 ta fotosurat olindi, foto materiallarning umumiy hajmi 5 GBni tashkil etdi. Dala guruhi tomonidan Jizzax viloyati Forish tumani bo‘ylab 347 kilometr masofa bosib o‘tildi.
Qayd etish joizki, mazkur ishlar ASMM joylashtirilishi mo‘ljallangan hududdagi quruqlik va suv ekotizimlarining o‘simlik qoplami holatini kompleks baholash, mavjud o‘simlik jamoalarini hujjatlashtirish hamda keyingi monitoring bosqichlari uchun zarur bo‘lgan dastlabki ilmiy ma’lumotlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Olingan dala materiallari kelgusida hudud florasining tarkibi, qirg‘oqbo‘yi va suv ekotizimlari o‘simliklarining tarqalishi, shuningdek, ekotizimlarning hozirgi ekologik holatini baholash bo‘yicha ilmiy tahlillarni amalga oshirishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Jizzax viloyati Forish tumani hududida o‘tkazilgan monitoring ishlari jarayonida Geobotanika laboratoriyasi mudiri, b.f.d., yetakchi ilmiy xodim B.A. Adilov tomonidan asosiy reprezentativ ekotizimlarda o‘simlik qoplami tavsiflandi hamda dala qaydnomalari yuritildi.

O‘simliklar muhofazasi va ekologiyasi laboratoriyasi katta ilmiy xodimi, b.f.n. N.Y. Beshko tomonidan o‘simlik qoplami holati bo‘yicha geobotanik qaydnomalar to‘ldirildi.

B-02 monitoring punkti. Hududda quruqlik ekotizimlarining o‘simlik qoplami holati o‘rganildi.

Tuzkon ko‘li – MC monitoring punkti. Dala tadqiqotlari davomida ko‘l atrofidagi qirg‘oqbo‘yi o‘simliklari va suv ekotizimlariga xos makrofitlarning holati o‘rganildi.



Botanika instituti ilmiy xodimlari Jizzax viloyati Forish tumani hududida dala tadqiqotlari jarayonida. Kuzatuv nuqtalarida o‘simlik qoplami tavsiflanib, GPS koordinatalar va dala qaydnomalari rasmiylashtirildi.
Ushbu material Geobotanika laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi F.I. Polvonov tomonidan tayyorlandi.

