Loyiha: AL 9224104464-sonli “O‘zbekistonning yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan o‘simliklarda iqlim o‘zgarishiga moslashuvni baholash: DNK barkodlash yondashuvi”
Dala tadqiqotlari 2026-yil 14–22-may kunlari Toshkent, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida amalga oshirildi. Dala tadqiqotlari Z.O. Yusupov, B.A. Karimov, va X.E. Yuldashev va Fransiyaning hamkor ilmiy muassasalari olimlari bilan birgalikda amalga oshirildi Tadqiqotlarning asosiy maqsadi Allium, Cousinia, Tulipa va Astragalus turkumlariga mansub turlarning molekulyar-genetik, taksonomik hamda geografik ma’lumotlarini yig‘ishdan iborat bo‘ldi.

Dala ishlari davomida molekulyar-genetik tadqiqotlar uchun yuqori sifatli o‘simlik materiallari to‘plandi. Jumladan, Allium, Cousinia, Tulipa va Astragalus turkumlariga mansub turlardan 60 ga yaqin DNK namunalari yig‘ilib, keyingi laboratoriya tahlillari uchun tayyorlandi. Bundan tashqari, qo‘shimcha ravishda 50 ga yaqin namunalar olinib, loyiha doirasidagi genetik materiallar bazasi sezilarli darajada boyitildi.
Taksonomik tadqiqotlar uchun xalqaro gerbariy standartlariga muvofiq o‘simlik namunalari yig‘ildi, presslandi va etiketkalandi. Natijada 50 dan ortiq turga mansub 50 ga yaqin gerbariy namunalari tayyorlanib, Botanika instituti gerbariy fondini to‘ldirish uchun rasmiylashtiriladi.
Tadqiqot hududlarida uchragan o‘simlik turlarining tarqalishini hujjatlashtirish maqsadida GPS koordinatalari, ekologik tavsiflari va fotografik materiallar yig‘ildi. Jami 200 dan ortiq georeferensiyalangan kuzatuvlar (fotografik tasvirlar va aniq koordinatalar bilan) fuqaroviy ilm-fan platformasi iNaturalist ma’lumotlar bazasiga joylashtirildi. Bu ma’lumotlar O‘zbekiston florasining zamonaviy tarqalish xaritalarini shakllantirish va biologik xilma-xillik monitoringini takomillashtirish uchun muhim manba hisoblanadi
https://www.inaturalist.org/observations?place_id=any&user_id=bobur99&verifiable=any .
Shuningdek, tadqiqot ob’ektlariga mansub 30 ta tur uchun ilmiy-botanik illustratsiyalar tayyorlandi va raqamli formatda tizimlashtirildi https://t.me/illustratsiyalar . Ushbu materiallar kelgusida taksonomik ishlanmalar, identifikatsiya kalitlari hamda ilmiy nashrlarni tayyorlashda foydalaniladi.
Dala tadqiqotlari natijasida loyiha doirasida belgilangan vazifalar muvaffaqiyatli bajarildi. Olingan DNK namunalari, gerbariy materiallari, georeferensiyalangan kuzatuvlar va ilmiy illustratsiyalar O‘zbekistonning yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan o‘simlik turlarini o‘rganish, ularning filogenetik munosabatlarini aniqlash hamda iqlim o‘zgarishiga moslashuv mexanizmlarini baholash bo‘yicha keyingi tadqiqotlar uchun muhim ilmiy asos yaratadi.




