O‘zbekiston botanika fani, oliy ta’lim va ilmiy jamoatchiligi og‘ir judolikka uchradi. Botanika sohasining yirik namoyandasi, taniqli olim, ustoz va murabbiy, professor Igor Vladimirovich Belolipovning vafoti munosabati bilan uning oila a’zolari, yaqinlari, shogirdlari hamda hamkasblariga chuqur ta’ziya izhor etamiz.

Professor I.V. Belolipov O‘zbekiston va Markaziy Osiyo botanika fani tarixida o‘zining chuqur bilimlari, keng qamrovli ilmiy dunyoqarashi va serqirra faoliyati bilan alohida o‘rin egallagan yetuk olimlardan biri edi. Uning ko‘p yillik ilmiy merosi, botanika, introduksiya, floristika va foydali o‘simliklar sohasidagi fundamental tadqiqotlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini saqlab kelmoqda.

Igor Vladimirovich Toshkent davlat agrar universitetida uzoq yillar kafedra mudiri va professor sifatida samarali faoliyat yuritib, minglab talabalarga botanika fanidan saboq berdi. Uning shogirdlari bugungi kunda mamlakatimiz va xorijiy davlatlarda turli sohalarda faoliyat ko‘rsatib, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish rivojiga munosib hissa qo‘shmoqdalar. Uning pedagogik mahorati, talabchanligi va insonparvarligi ko‘plab avlod mutaxassislarining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi.
Professor I.V. Belolipovning Botanika bog‘idagi ko‘p yillik ilmiy faoliyati ayniqsa alohida e’tirofga loyiqdir. U tomonidan ko‘p yillik o‘t o‘simliklarni introduksiya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan keng ko‘lamli tadqiqotlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo miqyosida ushbu yo‘nalish rivojiga mustahkam ilmiy asos yaratdi. Uning bu sohadagi ishlari hozirgacha o‘zining qamrovi, ilmiy chuqurligi va amaliy ahamiyati bilan ajralib turadi.

Olimning 1989 yilda nashr etilgan «Интродукция травянистых растений природной флоры Средней Азии» nomli fundamental monografiyasi mazkur yo‘nalishdagi mumtoz asarlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Unda Markaziy Osiyo tabiiy florasiga mansub o‘nlab ko‘p yillik o‘t o‘simliklarining Toshkent shahri sharoitida introduksiya qilinishi bo‘yicha ko‘p yillik kuzatuv va tajribalar natijalari umumlashtirilgan. Asarda bayon etilgan istiqbolli introdutsent o‘simliklarni baholash va o‘rganishning nazariy asoslari bugungi kunda ham o‘z ilmiy qimmatini yo‘qotmagan.

Igor Vladimirovich Belolipov Markaziy Osiyo florasi, uning shakllanish tarixi, florogenez jarayonlari, o‘simliklar resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha ulkan bilim va tajriba sohibi edi. Uning ilmiy qarashlari va g‘oyalari O‘zbekiston botanika maktabining rivojlanishiga, yangi avlod olimlarining shakllanishiga beqiyos hissa qo‘shdi.

Professor I.V. Belolipov xalqaro miqyosda ham keng tanilgan olim bo‘lib, uning ilmiy ishlari dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi universitetlar va ilmiy markazlar mutaxassislari tomonidan yuqori baholangan. Uning nomi va ilmiy merosi Markaziy Osiyo botanikasi taraqqiyoti bilan uzviy bog‘liq bo‘lib qoladi.

Professor Igor Vladimirovich Belolipovning yorqin xotirasi uni bilgan barcha insonlar, shogirdlari va hamkasblari qalbida abadiy saqlanib qoladi.

 

Marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz.

 O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti jamoasi