O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti ilmiy xodimlari — O‘simliklar muhofazasi va ekologiyasi mudiri, b.f.f.d. B.Sh. Habibullaev, katta ilmiy xodimlar N.Yu. Beshko, U.H. Qodirov, kichik ilmiy xodimlar Z.Z. Qosimov va F.X. Xudoyberdiyev hamda Ugom-Chotqol davlat biosfera rezervatining Boshqizilsoy bo‘limi ilmiy xodimlari ishtirokida «Ugom-Chotqol davlat biosfera rezervati hududining (Boshqizilsoy hududi va o‘tish zonasi) kadastr xatlovini amalga oshirish va o‘simlik dunyosi obyektlarining davlat kadastrini tuzish bo‘yicha ilmiy-texnik mahsulot yaratish» mavzusidagi xo‘jalik shartnomasi doirasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida, № 45-XS-sonli buyruqqa asosan, 2026-yil 27–31-iyul kunlari Toshkent viloyatiga ilmiy xizmat safari tashkil etildi.

Dala tadqiqotlari davomida Toshkent viloyatidagi Ugom-Chotqol davlat biosfera rezervati hududining Boshqizilsoy hududi va o‘tish zonasida, transport qatnovi mavjud bo‘lmagan, relyefi murakkab bo‘lgan yuqori tog‘ mintaqalarida floristik tadqiqotlar olib borildi. Tadqiqotlar jarayonida o‘rganilgan uchastkalar bo‘yicha dala qaydnomalari rasmiylashtirilib, floristik ma’lumotlar to‘plandi.

Tadqiqot hududida kamyob va muhofazaga muhtoj bo‘lgan Oxytropis fedtschenkoana hamda Dracocephalum komarovii turlarining yangi populyatsiyalari aniqlandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan bir qator o‘simlik turlarining yangi o‘sish nuqtalari qayd etildi. Mazkur turlarning senopopulyatsiyalari va o‘sish sharoitlari o‘rganilib, ularning geografik koordinatalari aniqlanib, qayd etildi.

2

Dala tadqiqotlari davomida belgilangan marshrutlar bo‘ylab floristik kuzatuvlar olib borildi. Hudud florasiga xos bo‘lgan o‘simlik turlaridan gerbariy namunalari yig‘ildi va tegishli dala ma’lumotlari rasmiylashtirildi.

Mazkur ilmiy xizmat safari davomida Ugom-Chotqol davlat biosfera rezervatining Boshqizilsoy hududi va o‘tish zonasida o‘simlik dunyosining zamonaviy holati, turlar tarkibi va tarqalish xususiyatlariga oid muhim ilmiy ma’lumotlar to‘plandi. Olingan natijalar hudud o‘simlik dunyosi obyektlarining davlat kadastrini shakllantirish, kamyob va muhofazaga muhtoj o‘simlik turlarining tarqalish areallarini aniqlash hamda ularning tabiiy populyatsiyalarini monitoring qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

3