2026-yil 14-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti hamda Xitoyning Space-Air-Ground Integrated laboratoriyasi hamkorligida “Sun’iy intellekt, masofadan zondlash va raqamli texnologiyalar borasidagi Markaziy Osiyo va Xitoy hamkorligi” mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarning asosiy maqsadi O‘zbekiston va Xitoy ilmiy muassasalari o‘rtasida sun’iy intellekt, masofadan zondlash, geografik axborot tizimlari (GIS) va botanika yo‘nalishlarida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy raqamli texnologiyalarni ilmiy tadqiqotlarga keng joriy etishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida sun’iy intellekt va GIS texnologiyalaridan hamkorlikda foydalanish, qo‘shma ilmiy loyihalarni shakllantirish, mutaxassislar almashinuvi hamda ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Seminarda O‘zbekiston va Xitoyning ilmiy muassasalari hamda mutaxassislari ishtirok etdi. Dastur doirasida Space-Air-Ground Integrated Laboratory, “O‘zbekkosmos” agentligi, “Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish” ilmiy-tadqiqot instituti hamda Fanlar akademiyasi Botanika instituti mutaxassislari tomonidan ma’ruzalar taqdim etildi.

Seminarni Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, professor Sh.U. Turdikulova kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, zamonaviy raqamli texnologiyalarni ilmiy tadqiqotlarga keng joriy etish, shuningdek, sun’iy intellekt, masofadan zondlash va GIS texnologiyalari sohasidagi xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.

Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori, akademik K.Sh. Tojibayev seminar ishtirokchilarini qutlab, O‘zbekiston va Xitoy ilmiy muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy raqamli texnologiyalarni botanika tadqiqotlariga joriy etish hamda ilmiy loyihalar doirasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.


Space-Air-Ground Integrated Laboratory xodimlari tomonidan “Xitoy – Markaziy Osiyo fazoviy-vaqtli intellektual sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i” mavzusidagi taqdimotdan lavha.


“O‘zbekkosmos” agentligi mutaxassisining “Davlat kosmik monitoringi doirasida 2025-yilda amalga oshiriladigan ishlar” mavzusidagi ma’ruzasi.


“Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish” ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassisining “Yer yuzasi o‘simlik qoplamini masofadan monitoring qilish muammolari” mavzusidagi ma’ruzasi.

Fanlar akademiyasi Botanika instituti tayanch doktaranti A. Sultonmuratovning “Markaziy Osiyo quruq hududlarida sun’iy intellekt asosida raqamli o‘simlik qoplami va yaylovlar dinamikasi” mavzusidagi ma’ruzasi.

Fanlar akademiyasi Botanika instituti, ilmiy xodimi PhD I. Jo‘ramurodovning “Sun’iy intellekt yordamida gerbariyni raqamlashtirish va georeferensiyalash” mavzusidagi ma’ruzasi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘rtasida savol-javob o‘tkazilib, istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi hamda yakuniy rezolyutsiya qabul qilindi. Seminar doirasida sun’iy intellekt, masofadan zondlash va GIS texnologiyalaridan botanika va biologik tadqiqotlarda foydalanish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Xitoy ilmiy muassasalari o‘rtasida zamonaviy raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va geofazoviy ma’lumotlardan foydalanishga asoslangan yangi qo‘shma tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

