O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti ilmiy xodimlari O.S. Abduraimov va B.J. Mavlanov tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi o‘simlik dunyosi obyektlarining iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan turlari davlat hisobi va kadastrini yuritish” mavzusidagi 4/2026-sonli xo‘jalik shartnomasi doirasida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi. Belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida 2026-yil 11–21-avgust kunlari Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining turli tabiiy-ekologik hududlarida dala tadqiqotlari tashkil etildi. Tadqiqotlar davomida hududlarda tarqalgan iqtisodiy va dorivor ahamiyatga ega o‘simlik turlarining tabiiy populyatsiyalari, ularning tarqalish areallari, populyatsiyalar holati hamda tabiiy zaxiralari o‘rganildi.

Xizmat safari davomida Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining turli tabiiy-ekologik hududlarida uchraydigan dorivor o‘simlik turlari – Glycyrrhiza glabra, Artemisia absinthium, Tribulus terrestris, Silybum marianum, Codonopsis bactriana, Elwendia persica, Peganum harmala, Plantago major ning tabiiy populyatsiyalari tadqiq qilindi. Dala kuzatuvlari jarayonida ushbu turlarning tarqalish areallari, populyatsiyalarining holati, son ko‘rsatkichlari, zichligi hamda ekologik xususiyatlari o‘rganildi. Shuningdek, o‘simliklarning biologik va ekspluatatsion zaxiralari aniqlanib, ulardan oqilona foydalanish imkoniyatlarini baholash maqsadida resurs tadqiqotlari olib borildi.

Tadqiqotlar jarayonida dorivor o‘simliklarning tabiiy zaxira maydonlari kompleks ravishda o‘rganilib, ularning tarqalish chegaralari aniqlashtirildi hamda har bir populyatsiyaning geografik koordinatalari GPS qurilmalari yordamida yuqori aniqlikda qayd etildi. Dala kuzatuvlari davomida o‘simliklarning tarqalish maydoni, populyatsiya zichligi, ekologik sharoitlari va fitotsenotik xususiyatlari baholandi. Aniqlangan zaxira maydonlari kartografik materiallarga tushirilib, keyinchalik geografik axborot tizimlari (GIS) yordamida tahlil qilish uchun raqamli formatga keltirildi.

Har bir tadqiqot obyekti bo‘yicha biologik va ekspluatatsion zaxiralar amaldagi uslubiy ko‘rsatmalarga muvofiq hisoblab chiqildi. Bunda maxsus tashkil etilgan hisob maydonchalari asosida o‘simliklarning soni, biomassasi, xomashyo hosildorligi va mahsuldorlik ko‘rsatkichlari aniqlanib, ularning umumiy zaxiralari baholandi.

Olingan ilmiy natijalar dorivor o‘simliklar resurslarini baholash va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, ularning tabiiy populyatsiyalarini muntazam monitoring qilish, resurs holatidagi o‘zgarishlarni kuzatish hamda biologik xilma-xillik va genetik resurslarni muhofaza qilishga qaratilgan keyingi fundamental va amaliy tadqiqotlar uchun ishonchli ilmiy asos yaratadi. Shuningdek, ushbu ma’lumotlar dorivor o‘simliklar resurslarining davlat kadastrini takomillashtirish, raqamli ma’lumotlar bazalarini boyitish va ularni uzoq muddatli monitoring tizimiga integratsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

2 3