O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Turdikulova Shaxloxon Utkurovna Botanika instituti jamoasi bilan uchrashuv davomida Biologiya fanlari doktori, akademik Tojibaev Komiljon Sharobitdinovichning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti rahbari lavozimiga qayta tayinlanganini ma’lum qildi.

Uchrashuvda Botanika institutining ilmiy-tadqiqot faoliyati, jamoaning samarali mehnati hamda institutda ilmiy jarayonlarni to‘g‘ri va tizimli tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tirof etildi.

Turdikulova Shaxloxon Utkurovna Botanika institutini Fanlar akademiyasi tizimidagi eng ilg‘or va faol ilmiy–tadqiqot muassasalaridan biri, shuningdek, boshqa ilmiy tadqiqot institutlarga namuna bo‘la oladigan institut va jamoa sifatida yuqori baholadi. Institutning bugungi ilmiy salohiyati va erishayotgan natijalarida akademik Komiljon Tojibaevning hissasi beqiyos ekani, xususan, jamoada ishlarni samarali va to‘g‘ri tashkil etish borasidagi rahbarlik faoliyati alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, Botanika institutining ilmiy yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish, ilmiy-tadqiqotlarning samaradorligini oshirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning muhimligi qayd etildi.

2

Shuningdek, akademik Komiljon Tojibaevning Botanika instituti faoliyatini rivojlantirish, fundamental va amaliy tadqiqotlarni kengaytirish, botanika, o‘simliklar xilma-xilligi hamda tabiiy resurslarni o‘rganish borasidagi ilmiy izlanishlarni yangi bosqichga olib chiqishdagi boy tajribasi va salohiyati alohida ta’kidlandi.

3

Uchrashuvda Botanika instituti rahbariyati va jamoasi nomidan akademik Komiljon Tojibaevni yangi mas’uliyatli vazifaga qayta tayinlangani bilan muborakbod etilib, kelgusidagi ilmiy va tashkiliy faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.

4

5

Uchrashuv davomida Botanika instituti rahbari, akademik Komiljon Sharobitdinovich Tojibaev ham so‘zga chiqib, institut faoliyati va istiqboldagi vazifalar haqida fikr bildirdi:

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda ilm-fan va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirishga ustuvor e’tibor qaratilayotgani, olim va tadqiqotchilar uchun zamonaviy sharoitlar hamda keng imkoniyatlar yaratilayotgani alohida ta’kidlandi. Ushbu e’tibor va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, institutda ilmiy faoliyatni samarali tashkil etish, mavjud ilmiy salohiyat va infratuzilmadan oqilona foydalanish natijasida Botanika instituti bugungi kunda Markaziy Osiyoda botanika fanlari yo‘nalishidagi yetakchi ilmiy muassasalardan biriga aylangani e’tirof etildi.

Shuningdek, institutda ilmiy-tadqiqot faoliyatini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, ilmiy salohiyatni rivojlantirish hamda yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro ilmiy hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilayotgani qayd etildi.

Xususan, institut olimlarining “Raqamli tabiat” davlat dasturi doirasidagi ilmiy ishlanmalar, shuningdek, fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar hamda xo‘jalik shartnomalari asosida olib borilayotgan tadqiqotlarda yuqori ilmiy-amaliy natijalarga erishayotgani aniq misollar asosida qayd etildi. Mazkur natijalar institutning ilmiy salohiyati, tadqiqotlar samaradorligi va amaliyot bilan integratsiyasining izchil rivojlanib borayotganini ko‘rsatishi ta’kidlandi”.

6

Institut jamoasi akademik Komiljon Tojibaevni ushbu mas’uliyatli lavozimga qayta tayinlangani bilan samimiy muborakbod etadi hamda kelgusi faoliyatida mustahkam sog‘lik, kuch-g‘ayrat, ilmiy va tashkiliy faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi!