O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutiga Ispaniya milliy tadqiqotlar kengashi (CSIC) Pireney ekologiya instituti (IPE) professori Sara Palacio Blasco va Yerevan botanika bog’ining ilmiy xodimi PhD Aleksandr Rudov “A Global initiative to understand gypsum ecosystem ecology” (GYPWORLD) mavzusidagi xalqaro loyiha doirasida mamlakatimizga tashrif buyurishdi. Xorijlik olimlar institut ilmiy jamoasi va bu yerda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishdilar.

Tashrif doirasida Botanika instituti ilmiy xodimlari va xorijlik olimlar tomonidan O’zbekistonning turli gipsli hududlariga (Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari va Farg’ona vodiysi) gipsofil o’simliklarni tadqiq etish maqsadida ilmiy ekspeditsiya uyishtirildi.

Ilmiy safar natijalariga ko’ra, O’zbekistonning gipsli ekotizmlari va gipsofil o’simliklarini tadqiq etish dolzarb vazifalardan biri ekanligi ta’kidlandi va bu bo’yicha xalqaro loyiha ishlab ishlab chiqishga kelishib olindi.

Botanika institutida tashkil etilgan seminarda Pireney ekologiya instituti professori Sara Palacio “Plant life on gypsum: living at the edge” mavzusidagi taqdimoti bilan qatnashdi. Olima seminarda gipsofil o’simliklarning o’ziga xosligi, ekosistemasi, o’simlik va uning gipsli substrat bilan munosabtalari, gipsofil o’simliklardagi anotomik va morfologik moslashishlar hamda gipsofitlarni muhofaza qilish borasidagi tadqiqotlari natijalarini yig’ilganlarga so’zlab berdi. Taqdimot qizg’in muhokamalar va savol-javoblarga boy bo’ldi.

