Mazkur ilmiy-o‘quv seminarda Jizzax davlat pedagogika universitetining Tabiiy fanlar fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etishdi. O‘quv seminarni Jizzax davlat pedagogika universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori G’.O‘.Qodirov ochib berdi hamda Jizzax davlat pedagogika universiteti va Botanika instituti o‘rtasida ilmiy hamkorlikning yildan-yilga ortib borayotganligini ta’kidladi. So‘ngra Botanika instituti O‘zbekiston florasi laboratoriyasi mudiri akademik K.Sh.Tojibayev so‘zga chiqib: Hozirgi kunda Botanika institutida amalga oshirilayotgan tadqiqotlar va kelajakdagi rejalar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, bu kabi seminarlar talabalarning kelajakda o‘z tadqiqot yo‘nalishlarini belgilab olishida xizmat qilishi kerakligini aytdi.

Ilmiy-o‘quv seminar qatnashchilari (1 guruh)

Ilmiy-o‘quv seminar qatnashchilari (2 guruh)
Botanika instituti ilmiy xodimlari O.T. Turginov “Jizzax viloyati florasining endem turlari”, F.I. Akbarov “Geoaxborot tizimida turlarning tarqalishini aks ettiriruvchi xaritalar yaratish”, S.O. Po‘latov “Kamyob va yo‘qolib borayotgan turlarni IUCN me’zonlari asosida baholash”, I.J. Jo‘ramurodov: “O‘simlik turlarining kelib chiqish davrini baholash”, va D.I. Maxmudjanov: “O‘simlik turlarining kelib chiqish markazini aniqlash” kabi mavzularda ma’ruzalar qilishdi. Ma’ruzalar eng zamonaviy tadqiqot metodlarini qamrab olganligi bilan seminar qatnashchilarida katta taassurot uyg’otdi.
Ayniqsa, o‘simlik turlari xaritalarini yaratish yangi bosqichga ko‘tarilganligi, Jizzax viloyatida endem turlarni uchratish mumkin bo‘lgan hududlar, O‘zbekiston Qizil Kitobiga kiritilgan turlarni xalqaro IUCN me’zonlari asosida baholash uchun kerakli ma’lumotlar, o‘simliklar ustida amalga oshirilayotgan molekulyar tadqiqotlarning natijalari ishtirokchilar tomonidan qiziqish bilan tinglandi.

Jizzax davlat pedagogika universitetining Tabiiy fanlar fakulteti “Biologiya va uni o‘qitish metodikasi”
kafedrasi mudiri D. Azimova barcha seminar ishtirokchilariga minnatdorchilik bildirdi.
Seminar so‘ngida talabalar ham so‘zga chiqib, ushbu seminar orqali o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob topishganligini ta’kidlashdi hamda buning uchun ma’ruzachilarga minnatdorchilik bildirishdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, seminar yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi. Buni ishtirokchilar tomonidan har bir taqdimotdan so‘ng ma’ruzachiga ko‘plab qiziqarli savollar berilganligidan ham bilish mumkin. Bu o‘rinda tadbir tashkilotchisi hisoblangan Jizzax davlat pedagogika universitetining Tabiiy fanlar fakulteti Biologiya va uni o‘qitish metodikasi kafedrasiga alohida tashakkur izhor etamiz.
