O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti og‘ir judolikka uchradi. Yirik olim, biologiya fanlari doktori, professor Xasanov Furqat Orunbayevich 2024-yil 20-oktabrda 65 yoshida olamdan o‘tdi. Marhumning vafoti oila a’zolari, yaqinlari, hamkasblari va shogirdlari uchun ulkan yo‘qotish bo‘ldi.
Xasanov Furqat Orunbayevich 1959-yil 24-martda Toshkent shahrida tavallud topgan. U 1981-yilda Toshkent Davlat Universitetining Biologiya va tuproqshunoslik fakultetini tamomlagan. 1982-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutida faoliyat olib borgan. Uning tadqiqotlari asosan floristika, o‘simliklar sistematikasi va noyob hamda yo‘qolib borayotgan o‘simlik turlarini o‘rganish sohalariga bag‘ishlangan.
1987-yilda biologiya fanlari doktori R.V. Kamelin rahbarligida “Kuhitangtau tizmasining kserofil daraxt-buta o‘simliklari” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Olimning ustuvor tadqiqot yo‘nalishlari orasida O‘zbekiston va O‘rta Osiyo florasida Allium L. turkumini o‘rganish alohida o‘rin egallaydi. Bu sohadagi izlanishlari natijasida fan uchun 50 dan ortiq yangi o‘simlik turlari va seksiyalari kiritildi, ularning aksariyati O‘zbekiston florasi uchun endemik tur hisoblanadi.
2008-yilda u “O‘rta Osiyo florasida Allium L. turkumi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Uning rahbarligida ko’plab fan doktori, fan nomzodlari, PhD ilmiy darajali kadrlar tayyorlangan.
Professor Xasanov nafaqat ilm-fan sohasida, balki jamoat ishlarida ham faol ishtirok etgan. U 2019-yilda nashr etilgan “O‘zbekiston Qizil kitobi”ning asosiy tashabbuskori va muharriri bo‘lgan. O‘zbekistonda o‘simliklar olami bo‘yicha olib borilgan kadastr tadqiqotlariga katta hissa qo‘shgan.
Xasanov Furqat Orunbayevichning hayoti va faoliyati, ilmiy yutuqlari nafaqat respublikamizda, balki xalqaro miqyosda ham katta hurmat va e’tirofga sazovor bo‘lgan. Uning ilmiy asarlari AQSh, Germaniya, Avstriya, Rossiya kabi mamlakatlarda chop etilgan va xalqaro ilmiy hamjamiyatda tan olingan.
Uning bevaqt vafoti O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi uchun og‘ir yo‘qotishdir. Marhumning ko‘p yillik mehnati va ilmiy merosi abadiy xotirada qoladi. Uning xotirasi qalblarimizda mangu yashaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Botanika instituti jamoasi.

