Botanika institutida 21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan alohida tadbirlar o‘tkazilib, Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 35 yilligi katta tantana bilan nishonlanmoqda. 1989-yilda Oʻzbek tilining davlat tili maqomini olishi mamlakatimizning madaniy va ma’naviy hayotidagi buyuk voqealardan biri bo‘lib, bu sana milliy qadriyatlarimizni ulugʻlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda institutning ilmiy xodimlari tomonidan Oʻzbek tilining rivojlanish yoʻllari, davlat tilining ilmiy faoliyatdagi roli va ahamiyati haqida qizgʻin suhbatlar oʻtkazildi. Suhbatlarda oʻzbek tilidagi ilmiy atamalarni toʻgʻri qoʻllash masalalari muhokama qilindi. Tadbirda institut jamoasi oʻz bilim va tajribalarini oʻrtoqlashib, tilimizni yanada rivojlantirish va ilmiy til madaniyatini yuksaltirish yo‘nalishidagi o‘z fikrlarini bildirdilar.

Direktor o’rinbosari b.f.d. F.Karimov tadbirni ochib, til millatning madaniy merosi ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Tadbir davomida bir qancha faol xodimlar oʻzbek tilida ilmiy ishlarni muvaffaqiyatli olib borishda ko‘rsatgan hissalari uchun, botanika faniga oid atamalarni Milliy ensiklopediyaga kiritishda faol qatnashgan ilmiy xodimlar alohida e’tirof etildi.

Botanika instituti oʻzbek tilining ilm-fandagi o‘rnini kengaytirish uchun faol ish olib bormoqda. Bugungi kunda oʻzbek tilida chop etilayotgan ilmiy maqolalar, atamalar va adabiyotlar nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda. Ushbu jarayon tilimizning xalqaro ilmiy doiralarda tan olinishi va rivojlanishida muhim qadam bo‘lib, institut olimlari ushbu maqsad yoʻlida faoliyat koʻrsatmoqdalar.

Bu bayram orqali Botanika instituti o‘z faoliyatida oʻzbek tilini yanada rivojlantirishga, uni ilmiy sohada keng qoʻllashga intilmoqda. Davlat tilimizning ilm-fanda ham mustahkam o‘rin egallashi uchun barcha imkoniyatlar mavjud va bu borada ko‘plab tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu bayram, Oʻzbek tilimizni asrash, rivojlantirish va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish yoʻlidagi umumiy burchimizni eslatadi. Institutimizning har bir xodimi tilimizga boʻlgan hurmat va e’tiborni yuksaltirish, uni yanada rivojlantirish yo‘lida kuch-g‘ayratini ayamaydilar.

Oʻzbek tili bayrami barchamizga muborak bo‘lsin! Tilimizni asraylik, uni sevaylik va kelajak avlodga yetkazaylik!