Yurtimizda demokratik talablarga va xalqaro standartlarga mos saylov tizimi shakllantirilib, uning yuqori saviyada o‘tkazilishi uchun shart-sharoitlar yaratishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, yoshlarning saylov huquqlarini amalga oshirishlari uchun qonunchilik izchil ravishda takomillashtirilmoqda.
2024-yil 27-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasida ilk bor Qonunchilik palatasiga aralash tizim asosida bo‘lib o‘tadigan saylov mamlakatimizda demokratik islohotlarning yangi bosqichi sifatida katta ahamiyatga ega. Ushbu jarayonda yoshlarning siyosiy-huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ular orasida fuqarolik burchini anglash va davlat boshqaruvida munosib nomzodlarni saylashga bo‘lgan faol ishtirokini ta’minlash bugunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.
Botanika institutida ham bu borada tegishli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Xodimlar, xususan, yosh olimlar orasida saylov tizimining mohiyati, fuqarolik huquqlari va burchlari haqida chuqur tushunchalar berilib, saylov jarayonida faol ishtirok etishning ahamiyati keng targ‘ib qilinmoqda. Yoshlar saylov jarayonida o‘z ovozini berish orqali davlat boshqaruviga munosib nomzodlarni saylash huquqiga ega ekanliklarini yanada teran anglamoqda.
Institutda tashkil etilgan huquqiy savodxonlik bo‘yicha seminarlar va davra suhbatlari davomida yoshlarga saylov huquqlari, saylovning konstitutsiyaviy asoslari hamda davlat boshqaruvida faol fuqarolik ishtirokining muhimligi bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga, ushbu targ‘ibot tadbirlari keng miqyosida o’tkazilmoqda, yoshlarning saylovga tayyorgarlik jarayonidagi faolligi ommaga yetkazilmoqda.
Bu tashabbuslar, shubhasiz, yangi O‘zbekistonning siyosiy jarayonlarida yoshlarning faol ishtirokini ta’minlashga katta hissa qo‘shadi.

