Innoweek 2024 innovatsion g‘oyalar va ishlanmalar haftaligining ikkinchi kuni davomida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti huzuridagi akad. F.N. Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bog‘i o‘zining noyob ishlanmalarini taqdim etmoqda. Tadbirda Botanika bog‘i in vitro usullari orqali ko‘paytirilgan dorivor o‘simliklar va kolleksiya uchun yagona namunalarni o‘z ichiga olgan ko‘chatlar bilan qatnashmoqda.

Innoweek 2024 ko‘rgazmasida Botanika bog‘i tomonidan biologik faol moddalar manbai sifatida foydalanish uchun Ungernia victoris, Acer platanoides Crimson King, Philadelphus spp., va Ferula sumbul kabi o‘simliklarning kallus to‘qimalari, shuningdek, mikroklonal ko‘paytirish orqali olingan regenerant o‘simliklar namoyish etildi. Ushbu tadqiqot natijalari Botanika bog‘i kolleksiyasini xo‘jalik ahamiyatiga ega bo‘lgan va dekorativ turlar bilan boyitishga katta imkoniyat yaratmoqda.

2

 

3

Mikroklonal ko‘paytirish usullari “Yashil makon” davlat dasturida ekologik ahamiyatga ega ko‘chatlarni ko‘paytirish va tabiiy yashil maydonlarni boyitish uchun taklif qilinmoqda. Botanika bog‘ining in vitro kolleksiyalarni yaratish va ularni saqlashda biotexnologik usullardan foydalangan holda biologik xilma-xillikni himoya qilish strategiyasiga qo‘shayotgan hissasi alohida e’tirofga loyiqdir. 4

 

Toshkent Botanika bog‘ining Biotexnologiya laboratoriyasida muhim tadqiqotlar olib borilib, Shimoliy Amerika ekspozitsiyasi uchun kolleksiyada mavjud bo‘lgan 20 turga mikroklonal ko‘paytirish protokollari ishlab chiqildi. Ushbu turlardan 15 tasi muvaffaqiyatli ravishda in vitro kulturaga kiritilgan bo‘lsa, 11 tur uchun rizogenez jarayoni amalga oshirilib, regenerant o‘simliklar tuproqqa moslashtirildi. 13 tur uchun to‘qima kulturasi olingan, ulardan 7 tasida flavonoid kversetin miqdori rivojlanish bosqichlarida aniqlandi. Ushbu yutuqlar asosida ikkita ixtiro uchun patent olishga arizalar topshirildi.

 

 

5

Mazkur tadbirda Botanika instituti huzuridagi Toshkent Botanika bog‘i tomonidan olib borilayotgan ishlanmalar O‘zbekiston ilm-fan va amaliyotining xalqaro darajada tan olinishiga xizmat qilmoqda. Innoweek 2024 haftaligi davomida innovatsion g‘oyalar va ishlanmalar bilan bo‘lishish, kelgusidagi ilmiy hamkorliklarga asos yaratmoqda.