Bugun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti hamda Rossiya Fanlar akademiyasining Markaziy Sibir botanika bog‘i va Tomsk davlat universiteti olimlari ishtirokida ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda geobotanika, floristika va o‘simliklar sistematikasi yo‘nalishlaridagi so‘nggi ilmiy tadqiqotlar muhokama qilindi.
Seminarda professor Nikolay Lashchinskiy (Markaziy Sibir botanika bog‘i) “Черневая тайга Сибири” mavzusida taqdimot o‘tkazib, Sibir taygasining noyob o‘simlik turlari hamda ularni muhofaza qilish muammolari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Natalya Shchegoleva (Tomsk davlat universiteti) “Специфика распространения Ranunculaceae во флоре Узбекистана” nomli ma’ruzasida O‘zbekiston florasida Ranunculaceae (zirvak) oilasiga mansub turlarning xilma-xilligi, tarqalish xususiyatlari va evolyutsion yo‘nalishlari haqida ilmiy tahlil berdi.
Aleksandr Ebel esa “Роль гражданской науки в изучении инвазивных растений Сибири” mavzusida so‘z yuritib, fuqarolar ishtirokida invaziv o‘simlik turlarini aniqlash va ro‘yxatga olishning samarali usullarini taqdim etdi.






Botanika instituti olimlari ham o‘z ma’ruzalari va amaliy tajribalari bilan ishtirok etib, seminar doirasida fikr almashdilar. Jumladan, Ziyoviddin Yusupov “Molecular phylogeny, biogeography and evolution of Allium L. (Amaryllidaceae)” mavzusida Allium turkumining kelib chiqishi, tarqalishi va evolyutsiyasiga oid yangi genetik tadqiqot natijalarini taqdim etdi. Akademik K. Tojibayev esa O‘rta Osiyo florasini himoya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar bilan qatnashdi.



Tadbir “Raqamli tabiat” davlat dasturi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, ikki davlat olimlari o‘rtasida botanika sohasida ilmiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qildi. Seminar yakunlari esa institut tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarga yangi ma’lumotlar kiritish uchun muhim asos bo‘ladi.

