Molekulyar filogeniya va biogeografiya laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi F.N. Mingboyev FL-9524115063-sonli fundamental loyiha doirasida rejalashtirilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish maqsadida Farg‘ona vodiysida dala tadqiqotlari olib bordi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti Molekulyar filogeniya va biogeografiya laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi F.N. Mingboyev FL-9524115063-sonli “Respublikaning dorivor o‘simliklari resurs salohiyatini bioiqlim va geofazoviy tahlili, moslashish va tarqalish qonuniyatlari (Ferula L. turkumi misolida)” fundamental loyihasi doirasida rejalashtirilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish maqsadida, 2026-yil 1-maydan 7-maygacha Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida xizmat safarida bo‘ldi.

2

Dala tadqiqotlari davomida O‘zbekiston hududida tarqalgan Ferula L. turkumiga mansub turlarning tabiiy populyatsiyalari, ularning yashash muhiti, tarqalish hududlari va ekologik xususiyatlari o‘rganildi. Tadqiqot ishlari davomida DNK tahlillari uchun sog‘lom va yosh barg namunalari yig‘ildi, gerbariy uchun vegetativ hamda generativ organlari saqlangan o‘simlik namunalari tayyorlandi. Har bir namuna bo‘yicha GPS koordinatalari, dengiz sathidan balandligi, hudud nomi va yashash muhitiga oid ma’lumotlar qayd etildi.

3

Ekspeditsiya davomida Ferula lipskyi turiga oid gerbariy namunalari, DNK ajratish uchun yangi barg materiallari, GPS koordinatalari va fotoillustratsiyalar to‘plandi. Bundan tashqari, Calligonum sp. va Allium sp. turkumlariga mansub ayrim o‘simliklardan ham qo‘shimcha ilmiy materiallar yig‘ildi.

4

Tadqiqot natijasida 15 dan ortiq turga mansub 50 ga yaqin gerbariy namunasi tayyorlandi, DNK tahlillari uchun 20 ta namuna olindi. Shuningdek, o‘simliklarning morfologik belgilari va tabiiy yashash muhitini aks ettiruvchi 500 dan ortiq makro hamda landshaft fotosuratlari olindi. Olingan fotosuratlarning bir qismi iNaturalist.org platformasiga joylashtirildi.

Mazkur dala tadqiqotlari Ferula L. turkumi vakillarining resurs salohiyatini baholash, ularning bioiqlimiy va geofazoviy tahlillari uchun zarur ma’lumotlar bazasini shakllantirish, shuningdek, dorivor o‘simliklarning moslashish va tarqalish qonuniyatlarini aniqlashga xizmat qiladi.