Molekulyar filogeniya va biogeografiya laboratoriyasi laboratoriyasi kichik ilmiy xodimlari T.N. Asatulloyev, J.G. Toshtemirov, I.A. Ergashov va B.A. Karimovlar AL-9224104464-sonli amaliy loyiha doirasida rejalashtirilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish maqsadida Zarafshon va Pomir Oloy tog’larida dala tadqiqotlari olib bordilar
Molekulyar filogeniya va biogeografiya laboratoriyasi
O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti Molekulyar filogeniya va biogeografiya laboratoriyasi xodimlari T.N. Asatulloyev, I.A. Ergashov, B.A. Karimov va J.G’. Toshtemirov 2026-yil 09–19-iyul kunlari Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hududlarida ilmiy dala ekspeditsiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirdilar. Ekspeditsiya AL-9224104464 raqamli “O’zbekistonning yo’qolib ketish xavfi ostida turgan o’simliklarda iqlim o’zgarishiga moslashuvni baholash: DNK barkodlash yondashuvi” nomli ilmiy loyiha doirasida tashkil etildi.
10 kunlik ekspeditsiya davomida jamoa Zarafshon tog’i (Urgut tumani), Kuhitang tog’i va Surxon davlat qo’riqxonasi (Sherobod tumani), Mang’it tog’i (Boysun tumani), Bobotog’ (Uzun tumani), Sharg’un ko’mir koni atrofidagi tog’lar va To’palang suv ombori atrofi (Sariosiyo va Denov tumanlari), shuningdek Xonjizza va Sangardak (Denov tumani) kabi botanik jihatdan boy va endemizm darajasi yuqori bo’lgan tog’li hududlarni qamrab oldi.
Ekspeditsiyaning ilmiy natijalari
Ekspeditsiya davomida quyidagi muhim natijalarga erishildi:
— Ostrowskia magnifica — O’zbekiston Qizil kitobining 1-toifasiga kiritilgan, monotipik va global ahamiyatga ega relikt turkum vakilidan yagona ma’lum populyatsiyadan urug’ namunalari yig’ib olindi. Bu tur mamlakatimizda yo’qolib ketish xavfi eng yuqori bo’lgan o’simliklardan biri hisoblanadi.
— Cousinia spryginii — bitta populyatsiyadan urug’ materiali yig’ildi.
— Allium giganteum — to’rtta turli populyatsiyadan urug’ namunalari to’plandi, bu turning genetik xilma-xilligini keng qamrovda o’rganish imkonini beradi.

— Shuningdek, Cousinia turkumiga mansub 5 dan ortiq turdan 20 dan ortiq DNK materiali va gerbariy namunalari yig’ib olindi — bu materiallar turkumning Markaziy Osiyodagi molekulyar-filogenetik va biogeografik tadqiqotlari uchun muhim baza bo’lib xizmat qiladi.

Yig’ilgan urug’ namunalari kelgusida ex situ (laboratoriya/ko’chatzor sharoitida ko’paytirish) va in situ (tabiiy yashash muhitida populyatsiyani mustahkamlash) konservatsiya tadbirlari uchun, jumladan Ostrowskia magnifica kabi yo’qolib ketish arafasida turgan turlarni saqlab qolish bo’yicha maxsus dasturlar doirasida qo’llaniladi. DNK va gerbariy materiallari esa institutning Molekulyar filogeniya va biogeografiya laboratoriyasida Cousinia turkumi va O’zbekiston endem florasining molekulyar evolyutsiyasi, filogenetik qarindoshlik munosabatlari hamda iqlim o’zgarishiga moslashuv mexanizmlarini o’rganishga qaratilgan tadqiqotlarda foydalaniladi.

Ushbu ekspeditsiya natijalari O’zbekiston florasining genetik xilma-xilligini hujjatlashtirish, noyob va tahdid ostidagi turlarni saqlab qolish hamda milliy raqamli DNK kutubxonasini shakllantirish yo’lida navbatdagi muhim qadam bo’ldi.

