O‘zR FA Botanika instituti hamda F.N.Rusanov nomidagi Toshkent botanika bog‘i ilmiy xodimlari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Respublikamizning turli hududlarida samarali ishlarni muntazam amalga oshirib kelmoqdalar.

Jumladan, Geobotanika laboratoriyasi ilmiy xodimlari tomonidan Toshkent Shahar 178-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasi maydoniga hududning iqlim sharoitidan kelib chiqib, Toshkent botanika bog‘ida yetishtirilgan 100 dan ortiq shumtolbarg zarang (Acer negundo), katalpa (Catalpa speciosa) nomli manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.

Natijada hududning daraxtlar bilan qoplanish maydoni oshdi. Bu esa mazkur hududning mikroiqlimi yaxshilanishida, yozning issiq kunlarida soya-salqin joylarning kengayishida ahamiyati katta.

Toshkent shahridagi 178-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasi ma’muriyati yashil hudud maydonlarini yanada kengaytirishda beg‘araz yordam berganligi uchun O‘zR FА Botanika instituti va Toshkent botanika bo‘g‘i ma’muriyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

