O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti ilmiy xodimlari O.S. Abduraimov, A. L. Allamurotov tomonidan FL-9524115063-sonli “Respublikaning dorivor o‘simliklari resurs salohiyatini bioiqlim va geofazoviy tahlili, moslashish va tarqalish qonuniyatlari (Ferula L. turkumi misolida)” loyihasi doirasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida 2026-yil 08-iyuldan 17-iyulgacha Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida dala tadqiqotlarini olib bordi.
Ekspeditsiya davomida Ferula tadshikorum, F. foetida va F. foetidissima turlarining urug‘ namunalari yig‘ilib, laboratoriya tahlillari uchun tayyorlandi. Shuningdek, Ferula turkumiga mansub turlarning tabiiy populyatsiyalari monitoring qilinib, ularning tarqalishi, zichligi, ontogenetik tarkibi, mahsuldorligi hamda tabiiy resurs zahiralari baholandi. Olingan yangi ma’lumotlar dorivor o‘simliklar resurs kadastrini yangilash va to‘ldirishga xizmat qiladi.
Tadqiqotlar davomida Ferula turlarining resurs salohiyatiga ta’sir etuvchi ekologik, iqlimiy, tuproq va antropogen omillar ham kompleks o‘rganildi.
Bundan tashqari, qo‘shimcha tarzda xo‘jalik shartnomasi doirasida Hypericum perforatum, H. scabrum, Inula grandis, Codonopsis bactriana, Ziziphora pedicellata, Mediasia macrophylla, Alcea nudiflora, Capparis spinosa, Silybum marianum hamda Plantago major turlarining tabiiy populyatsiyalarida resursshunoslik va dala kuzatuvlari amalga oshirildi.


