2021 yilga qadar institut va undagi ilmiy tadqiqotlarini rivojlantirish istiqbollari

Institutning asosiy ustuvor yo‘nalishi biologik xilma-xillikni asrash va o‘simlik resurslaridan barqaror foydalanishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish; yaylov o‘simliklariga cho‘llanishning ta’sirini kamaytirish, mavjud kolleksiyalarni saqlash hamda yangi kolleksiyalar hisobiga gerbariy fondini to‘ldirishdan iborat.

Istiqboldagi ilmiy tadqiqotlar respublikaning qurg‘oqchil hududlari yaylovlariga e’tibor qaratgan holda uzoq muddatli monitoring uchastkalarida dominant va subdominant, kamyob va yo‘qolib ketish arafasidagi turlarning demografik ko‘rsatkichlari, yashab qolish strategiyalarini o‘rganish asosida floraning zamonaviy holatini baholash, O‘zbekiston florasining zamonaviy ro‘yhatini tuzishga qaratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilning 4 sentabridagi PQ-3256-son «O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti va Zoologiya instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga binoan institutning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari belgilab berilgan:

  • Respublika florasini kompleks o‘rganish, o‘simlik resurslarini aniqlash va ulardan oqilona foydalanish, alohida ahamiyatga ega bo‘lgan botanik hududlarni aniqlash, o‘simlik dunyosining kamyob va endem turlarini saqlab qolishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish;
  • Respublika florasining milliy axborot-tahliliy ma’lumotlar bazasini ishlab chiqish va yuritish, yovvoyi o‘simliklarning kamyob va yo‘qolish xavfi ostida bo‘lgan turlari bo‘yicha davlat kadastri, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi va o‘simlik dunyosi monitoringini yuritish;
  • Istiqbolli va iqtisodiy ahamiyatiga ega bo‘lgan o‘simlik turlarini introduksiyalashtirish va iqlimlashtirishning nazariy asoslarini ishlab chiqish, kamyob o‘simliklarning genetik ma’lumotlar bankini yaratish;
  • Cho‘llanish jarayonida o‘simlik qoplami evolyutsiyasi va iqlim dinamikasini o‘rganish hamda amaliy tavsiyalar ishlab chiqish.
  • Institutda M.Ulug‘bek nomidagi Milliy universitet bilan birgalikda 03.00.05–Botanika ixtisosligi bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi DSc 27.06.2017.V.39.01 raqamli Ilmiy kengash faoliyat yuritmoqda.